Milliy festival: ijtimoiy roliklarda islohotlar aksi
by on December 27, 2017 in Yangiliklar

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining “Media-xoll” majmuasida Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi bilan hamkorlikda Ijtimoiy teleradiomahsulotlar IX milliy festivali o‘tkazildi.

Unda senatorlar, deputatlar, Parlament komissiyasi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi A.Saidov, O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida jurnalistlar zimmasidagi mas’uliyatli vazifalar yanada ortayotgani, ularning har jabhada faollik bilan mehnat qilishi davr talabi ekanini alohida ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda OAV muhim va ta’sirchan omil ekani hisobga olingan holda, bu borada chinakam professional zamonaviy jurnalistikani shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va tahliliy internet saytlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish, buning uchun maxsus davlat fondini tuzish haqida aytildi.

Ijtimoiy teleradiomahsulotlar milliy festivali aholi, xususan, yoshlarni jamiyatimizda bo‘layotgan islohotlarga oid dolzarb mavzularda ta’sirchan ijtimoiy roliklarni tayyorlash, bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni munosib rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Festivalda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi jarayonlarini yoritishga, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyatini aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy roliklar yo‘nalishida g‘oliblar aniqlandi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar hakamlar hay’ati tomonidan onlayn ovoz berish yo‘li bilan aniqlandi.

– Mazkur festivalda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning Konstitutsiyamiz tamoyillariga hamohangligini yoritib berishga harakat qildik, – deydi “Sevimli TV” boshlovchisi, festival g‘olibi Jahongir Olimov. – Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan xalqimiz juda mamnun. Biz ularning bu xursandchiligini tomoshabinlarimiz e’tiboriga havola etdik.

G‘oliblar maxsus diplom, statuetka va mukofot bilan taqdirlandi.

Festival doirasida Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.

Sayt ishlanmasi COMPASS GROUP