Toshkentda O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva ijodiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi
by on December 27, 2017 in Yangiliklar

Teatr shunchaki sahna emas, balki jonli ko‘zgu. Ko‘zgu tashqi ko‘rinishimiz va undagi kamchiliklarni ko‘rsatsa, teatrda aktyorlar turli obrazlar orqali fe’l-atvorimiz, turmush-tarzimizdagi nuqsonlarni, insonlarning asl qiyofasini ochiq-oydin namoyon etadi. San’atkorlar ijro etayotgan obrazlar orqali o‘zimizning kichik olamimizdan chiqib, atrofimizda yuz berayotgan, ammo biz ilg‘amagan hayot haqiqatlarini, turmushning past-balandini anglaymiz. 
Bu jihatlar O‘zbek Milliy akademik drama teatri taniqli namoyandasi – O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva ijodiga bag‘ishlangan kechada qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, yozuvchilar, shoirlar, dramaturglar, yoshlar qatnashdi.

Yayra Abdullayeva ko‘plab sahna asarlarida bosh rollarni ijro etgan. “Qutlug‘ qon”da Gulnor, “Boy ila xizmatchi”da Gulbahor, “Mirzo Ulug‘bek”da Gavharshodbegim kabi obrazlarni yetuk va professional darajada ijro etib, o‘zbek teatr san’ati tarixida o‘ziga xos o‘rin egallagan aktyorlardandir.
Shuningdek, Ya.Abdullayeva kinoda yaratgan Gulbahor, Dildor, Ra’no, Saodat va boshqa obrazlar yorqinligi, jozibasi bilan alohida diqqatga sazovordir. Bu obrazlar talqinida ham aktrisa ijodining o‘ziga xos muhim individual qirralari ko‘zga tashlanib turadi.

・Halol mehnat qilish, kamtarlik, san’atkor sha’niga dog‘ tushirmaslik singari odatlar Yayra opaning ajralmas fazilatlari hisoblanadi, – deydi O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. – Ustoz san’atkor ijro etgan qahramonlar quvonsa kulib, yig‘lasa g‘amga botadigan tomoshabinlar ko‘p. Sababi – ijodkor rolni o‘ta ta’sirchan, bor vujudi bilan ijro etadi. Shu bois u ijro etgan rollar doim tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda.

Ijodiy kechada ォO‘zbekkinoサ Milliy agentligi tomonidan ustoz aktrisa hayoti va faoliyatiga oid hujjatli film namoyish etildi.

Sayt ishlanmasi COMPASS GROUP